Sputnik O‘zbekiston multimedia matbuot markazida Rossiya va O‘zbekistonning ijodiy sanoat sohasidagi hamkorligiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Moskva Kreativ sanoat agentligi bosh direktori Gulnora Agamova O‘zbekiston bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan axborot texnologiyalari (AT) markazlardan biri ekanligini va strategik hamkor sifatida katta qiziqish uyg‘otayotganini ta’kidladi.
Agamovaning qayd etishicha, Moskva Kreativ sanoat agentligining asosiy maqsadi tajriba almashish va O‘zbekistonning raqamli rivojlanish sohasidagi muvaffaqiyatli amaliyotini o‘rganishdan iborat. Bu uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va aniq hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash imkonini beradi.
“Biz bu hamkorlikda jiddiy iqtisodiy salohiyatni ko‘rapmiz. Kreativ iqtisodiyot ham Moskvada, ham Toshkentda juda tez sur’atda rivojlanmoqda”, - deya ta’kidladi u.
To‘rt yillik faoliyati davomida jadal rivojlanish va e’tiborga loyiq natijalarni namoyish etgan IT Park Uzbekistan bilan bo‘ladigan uchrashuv alohida qayd etildi.
"Bu tajriba biz uchun qimmatli va biz undanfoydalanishni istaymiz. IT-xabga foydamiz tegishiga ishonchimiz komil", - deya qo‘shimcha qildi Agamova.
Spiker hamkorlikning asosiy yo‘nalishi bo‘lishi mumkin bo‘lgan video o‘yinlar sohasiga alohida e’tibor qaratdi:
O‘zbekiston mustahkam AT bazasiga ega;
Mamlakat Markaziy Osiyoda kibersport bo‘yicha yetakchi hisoblanadi, bu yerda o‘yinlarga nafaqat texnologik mahsulot, balki madaniy hodisa sifatida ham qaraladi.
Kino va animatsiya sohasi ham istiqbolli yo‘nalishlar sifatida e’tirof etildi. O‘zbekistonning boy madaniy merosi mintaqaviy hamda xalqaro darajada talab yuqori bo‘lgan o‘ziga xos kontent yaratish uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Dizayn va moda masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. O‘zbekiston allaqachon Moskvaning "Materiallar markazi" onlayn platformasining hamkoriga aylanib ulgurgan bo‘lib, unda O‘zbekistonlik to‘qqizta ta’minotchining 70 taga yaqin mahsuloti taqdim etilgan.
“Yoshlar va iste’dodlar kreativ iqtisodiyotning harakatlantiruvchi omilidir. Besh yil davomida Moskva kreativ sanoat agentligi yuzlab loyihalarni amalga oshirdi va bizda sinovdan o‘tgan metodikalar mavjud, ularni kengaytirish mumkin”, - deya ta’kidladi Agamova.
Uning aytishicha, hozirda “Video o‘yinlar fabrikasi” loyihasida faqat Rossiya studiyalari qatnashishi mumkin, ammo kelajakda MDH davlatlari, shu jumladan, O‘zbekiston kompaniyalarini ham jalb etish ko‘zda tutilgan.
Shunday qilib, Rossiya va O‘zbekistonning ijodiy sanoat sohasidagi hamkorligi bir yo‘la bir necha yo‘nalishda istiqbollarni ochmoqda: video o‘yinlar va raqamli texnologiyalardan tortib kino, animatsiya, moda va dizayngacha. Bu borada kuch-g‘ayratlarni birlashtirish har ikki davlatning kreativ iqtisodiyotini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni xalqaro miqyosga olib chiqish imkonini beradi.
Batafsil - Sputnik videosida.