TOShKENT, 25 avg – Sputnik. Vengriya Ukrainaning tahdidlarini rad etadi va Ukraina Qurolli kuchlarining “Drujba” (“Do‘stlik”) neft quvuriga bergan zarbalarini uni suverenitetiga hujum deb biladi. Bu haqda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyarto Vladimir Zelenskiyning so‘nggi gaplariga munosabat bildirayotib ma’lum qildi.
“Vengriya Ukraina prezidentining tahdidlarini qat’iyan rad etadi. Biz suverenitet va hududiy yaxlitlikni xalqaro siyosatning asosiy qadriyatlari deb bilamiz, shu bois barcha mamlakatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilamiz va ulardan ham shuni kutib qolamiz”, - deya yozdi Siyarto o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Vengriya vaziri energiya yetkazib berish xavfsizligiga qarshi Ukrainaning jiddiy hujumlarini suverenitetga hujum sifatida ko‘rish zarur deb ta’kidladi va Zelenskiyni Vengriyaga nisbatan tahdidlarni bas qilishga chaqirdi.
Zelenskiy avvalroq “Drujba” neft quvuriga Ukraina bergan zarbalar haqida hazil qilib, “Ukraina va Vengriya o‘rtasidagi do‘stlikni hamisha qo‘llab-quvvatlagani, endi esa bu “Drujba” (Do‘stlik) Vengriyaga bog‘liqligini” aytgandi.
Ukraina Qurolli kuchlari o‘tgan hafta Rossiya hududidagi “Drujba” neft quvuri infratuzilmasiga dron va raketalar bilan bir necha marta zarba berdi. Buning natijasida u orqali Vengriya va Slovakiyaga neft yetkazib berish vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi.