TOShKENT, 22 avg – Sputnik. Toshkent shahrida 50 sotix yerni 4 million dollarga sotmoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida qurilish obyektlarini loyihalash bilan shug‘ullanuvchi MChJning ofis menejeri hamda maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 1990 y.t. fuqaro o‘zaro til biriktirib, aldov yo‘li bilan tadbirkorning ishonchiga kirishadi.
Ular o‘zlariga tegishli bo‘lmagan M.Ulug‘bek tumanidagi 50 sotix yer maydonini tadbirkorga 4 mln dollarga sotishga kelishib, oldindan avans sifatida 100 ming dollar, shuningdek, yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali ushbu obyektni noturar toifadan turar toifaga o‘tkazib berish hamda u yerda kottej tipidagi uy qurishi uchun ruxsatnoma olish va boshqa tegishli ishlarni bajarib berish evaziga 200 ming dollar so‘rab, oldindan 100 ming dollar talab qilishadi.
DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular 200 ming dollarni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchilarga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.