TOShKENT, 22 avg – Sputnik. "Avaza" milliy turizm zonasining Kongress markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning yuzma-yuz muloqoti va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Joriy yil boshidan buyon davlatlar orasidagi tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshdi. Fevral oyidan esa mamlakatlar o‘rtasida erkin savdo rejimi amal qilmoqda, poytaxtlarda savdo uylari faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarda qator kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shu yilda "Shovot – Toshovuz" savdo zonasini ishga tushirish bo‘yicha ishlar yakunlanmoqda.
Muzokaralarda, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiyalar va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlarini, shuningdek qator madaniy tadbirlarni samarali o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Yetakchilar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bo‘lajak yettinchi Maslahat uchrashuvi kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar. Shu ma’noda "Ozarbayjon – Turkmaniston – O‘zbekiston" formatidagi muzokaralar muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.