TOShKENT, 22 avg – Sputnik. "Avaza" milliy turizm zonasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mirziyoyev Ilhom Aliyevni yaqinda Vashington shahrida Armaniston bilan tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan qutladi.
Uch davlatning ulkan tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston prezidenti amaldagi va istiqbolli yo‘laklarning tutashuvi Xitoyni mamlakatlarimiz hududlari orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan barqaror va samarali transqit’aviy yo‘nalishni shakllantirish imkonini berishiga ishonch bildirildi.
Hozirgi kunda Xitoy-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlangan. Bundan tashqari, yaqinda Pokiston va Afg‘oniston bilan Transafg‘on yo‘lagini qurish loyihasi bo‘yicha memorandum imzolandi.
Yangi yuk oqimlari, eng avvalo, Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston infratuzilmasidan samarali foydalanishni ta’minlashi qayd etildi.
O‘rta marshrutni, shu jumladan, Zangezur yo‘lagini rivojlantirish borasidagi rejalar ham qo‘llab-quvvatlandi.
O‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish, shu jumladan, Boku va Turkmanboshi portlarida zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish, tartib-taomillarni raqamlashtirish va yuklar nazoratini ta’minlash masalalarni ishlab chiqishga kirishish taklif qilindi.
O‘zbekiston asosiy bozorlarga biznes uchun eng qisqa va manfaatli chiqishni ta’minlash maqsadida yuk tashish tariflarini o‘zaro asosda pasaytirishga tayyorligi bildirildi.
Peregovori liderov Uzbekistana, Turkmenistana i Azerbaydjana
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Sa’y-harakatlarni birlashtirish logistika infratuzilmasini rivojlantirishda donor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoni ochilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali yuklarni tashish uchun o‘z parom quvvatlarini yaratishdan manfaatdorligi bildirildi.
Kooperatsiyani chuqurlashtirib, energiya resurslarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish yo‘laklarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Bu borada Yevropaga "yashil" energiya yetkazib berishni tashkil etish loyihasi istiqbolli ekani ta’kidlandi.
An’anaviy uglevodorodlar borasida Kaspiy shelfida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va konlarni o‘zlashtirish sohasida hamkorlik istiqbollarini o‘rganish taklif etildi.
Tovar ayirboshlashni va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini tubdan oshirish yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Barqaror savdo-logistika zanjirlarini rivojlantirish, ulgurji-taqsimot markazlarini tashkil etish va yirik savdo tarmoqlariga chiqish, fitosanitariya va karantin talablarini unifikatsiya qilish, mahsulotlarni raqamli markirovkalashni joriy qilish, qo‘shma elektron platformalarni ishga tushirish va tovar-xomashyo birjalari kooperatsiyasini kengaytirishni nazarda tutadigan kompleks harakatlar rejasini birgalikda tayyorlash taklif qilindi.
Savdo-sanoat palatalari rahbarligida ko‘rgazma-yarmarka tadbirlari va ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazish orqali uch mamlakat hududlarini ushbu jarayonlarga faol jalb qilish taklif qilindi.
Gumanitar aloqalarni kengaytirish doirasida O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon va uchinchi davlatlardan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xalqlarning boy madaniy merosi mushtarakligi, an’ana va urf-odatlari yaqinligini namoyish etish imkonini beradigan turizm va madaniy almashinuvlarning uch tomonlama dasturini qabul qilish taklif qilindi.
Yakunda Mirziyoyev ilgari surilgan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun "yo‘l xaritasi"ni tayyorlash, shuningdek, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha vazirlarning qo‘shma uchrashuvlari mexanizmini ishga tushirishni taklif qildi.