Soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berganlarga qancha mukofot to‘langani ochiqlandi

Huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha xabar bergan fuqarolarga 27 451 ta holat bo‘yicha 19,7 mlrd so‘m mukofot to‘langan.
Sputnik
TOShKENT, 17 avg – Sputnik. O‘zbekistonda yil boshidan soliq huquqbuzarliklari haqida 63 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Bildirilishicha, 2025-yilning o‘tgan 7 oyi davomida "Soliq" mobil ilovasining "Soliq hamkor" tizimi orqali soliq huquqbuzarliklari haqida 63 988 ta murojaat kelib tushgan.
Shundan:
57 672 tasi xarid cheki bermaslik;
2 278 tasi to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmaslik;
145 tasi plastik karta uchun xarid summasini oshirish;
3 893 tasi boshqa turdagi huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha.
Qayd etilishicha, murojaatlarning 31 423 tasi takroriy bo‘lganligi yoki shikoyat kelib tushgan tadbirkorlik subyektida tekshiruv davom etayotgani sababli ko‘rib chiqilmagan. Murojaatlar asosida 25 924 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilib, 98,9 foiz holatda huquqbuzarlik tasdiqlangan.
Qo‘mita taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha xabar bergan fuqarolarga 27 451 ta holat bo‘yicha (undirilgan jarima summasidan 20 foiz) 19,7 mlrd so‘m mukofot to‘langan.
Eng ko‘p mukofot puli Toshkent shahrida kelib tushgan murojaatchilarga berilgan — 4 milliard 855 million 500 ming so‘m. Eng kami esa murojaatlar soni ham kam bo‘lgan Jizzax viloyati aholisiga to‘langan — 574,5 million so‘m.
O‘zbekistonda soliq huquqbuzarliklari haqida xabar bergan shaxslarni pul bilan rag‘batlantirish 2022-yilda boshlangan.
Soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berganlik uchun pul to‘lash tartibi belgilandi