TOShKENT, 16 avg – Sputnik. Qirg‘iziston va O‘zbekiston pensiya stajini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi xabar bermoqda.
Tegishli hujjat loyihalari Toshkentda ikki davlat idoralari vakillarining uchrashuvida imzolandi.
Qirg‘iziston Ijtimoiy jamg‘armasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, hujjat quyidagilarni nazarda tutadi:
pensiya tayinlash uchun sug‘urta stajini jamlash;
pensiyalarni yetkazib berish xarajatlarini ushlab qolmasdan, yashash mamlakatidan qat’i nazar, fuqarolarga to‘lash;
ikki tomonlama to‘lovlarning oldini olish uchun xizmat safarlari va muddatlarni uzaytirish bo‘yicha meyorlar.
Qayd etilishicha, pensiya stajini o‘zaro tan olish pensionerlar ushbu mamlakatlarning qay birida yashagani va ishlaganidan qat’i nazar, to‘lovlarni hisoblashda staj hisobga olinishini anglatadi.
Bitimlarning asosiy maqsadi Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolarining sug‘urta va davlat pensiyalarini olishda teng huquqlarini ta’minlash, shuningdek, sug‘urta badallarini ikki marta to‘lashni istisno qilishdan iborat.
Ta’kidlanishicha, ushbu kelishuvni amalga oshirish respublikalar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlaydi hamda ijtimoiy va iqtisodiy hamkorlik, jumladan, yirik infratuzilma loyihalari, masalan, Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘l magistralini qurish doirasida qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.