TOShKENT, 14 avg – Sputnik. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2025-yil 1-iyul holatiga 37,9 million kishini tashkil etgan.
Shundan 21,2millioni yoki jami aholining 56 foizi mehnatga layoqatli yoshdagi kishilardir.
Mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar 12,2 million kishi (32,2%)ni tashkil etadi.
Mehnatga layoqatli yoshdan kattalar - 4,5 million kishi (11,8%).
Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu qo‘mitaning avval bergan ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 1-aprel holatiga pensiya yoshidan katta, ya’ni mehnatga layoqatli yoshdan katta bo‘lgan aholi ulushi 11,9 foizni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mehnat kodeksi va “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, respublikada aholining mehnatga layoqatli qismiga 16 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan ayollar hamda 16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar kiradi.