TOShKENT, 12 avg – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid takliflar taqdimotlari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishlarda yashirin iqtisodiyotni keltirib chiqaruvchi omillar va ularni bartaraf etish choralari ko‘rib chiqildi. Zamonaviy texnologik va innovatsion yechimlarga o‘tish buning eng samarali yo‘llardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Masalan, bozorlarni raqamlashtirish natijasida tushum 3 barobarga oshgan. Xuddi shunday tizimni yashirin iqtisodiyot ulushi eng yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida ham joriy etish rejalashtirilgan.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun 2030-yil 31-dekabrga qadar maxsus huquqiy rejim joriy etilib, integratsiyalashgan raqamli platforma yaratiladi. Ushbu platforma davlat ro‘yxatidan o‘tishdan hisobot topshirishgacha bo‘lgan xizmatlarni birlashtiradi, daromadlarni qabul qilish, xodimlar, kontragentlar bilan hisob-kitob qilish va soliqlarni to‘lash uchun elektron hamonlarni ochish imkonini beradi. Bunda elektron hamondan foydalanuvchilar uchun bank hisobvaraqlarini ochish majburiy bo‘lmaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oznakomilsya s prezentatsiyey po sovershenstvovaniyu sistemi protivodeystviya tenevoy ekonomike
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
2025 yil 1-noyabrdan boshlab to‘lov jarayonlarida QR-kod va "tap to pay" (smartfon tekkizish yordamida to‘lash) texnologiyasi qo‘llanila boshlanadi, hujjatlarni esa qog‘oz hujjatlarga tenglashtirilgan masofaviy biometriya va "SMS-xabarnoma" xizmati orqali imzolash mumkin bo‘ladi.
2026 yil 1-yanvardan yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.
Bundan tashqari, chakana savdoda elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun maxsus QR-kodning mavjudligi majburiy bo‘ladi. Pul oqimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kredit berishda hisobga olinadi.
Prezident taklif etilgan chora-tadbirlarni ma’qullab, tegishli qarorni imzoladi.
Eslatamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2025-yil 1-iyul holatiga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 5,5 million nafardan oshgani xabar qilingan edi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 56 foizga (2,1 mln nafar) oshgan. 2026-yil 1-yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari 104 tadan 72 taga qisqaradi. Sartaroshlik, repetitorlik, foto-videochilik, kopirayterlik va boshqalar ro‘yxatdan chiqarib tashlanadi. Ammo uchta yangi ish, jumladan, marketpleyslarda savdo qilish kiritiladi.