TOShKENT, 11 avg – Sputnik. O‘zbekistonda intellektual mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni soddalashtiriladi. 8-avgust kuni qabul qilingan qonun bilan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sanoat mulki obyekti ro‘yxatga olinganda patent talabnoma beruvchiga avtomatik tarzda elektron tizim orqali yuborilishi belgilandi.
Ilgari Sanoat mulki obyektiga patent berish obyekt ro‘yxatga olinganligi haqidagi ma’lumotlar rasmiy axborotnomada e’lon qilingan sanadan e’tiboran 10 kun o‘tganidan keyin amalga oshirilishi belgilangan edi.
Shuningdek, qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutildi.