AQSh, Armaniston va Ozarbayjon yetakchilari qo‘shma deklaratsiya imzoladi

Tramp tinchlik kelishuvining mustahkamligiga ishonchi komil ekanligini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 9 avg – Sputnik. AQSh, Armaniston va Ozarbayjon yetakchilari Donald Tramp, Nikol Pashinyan va Ilhom Aliyev Vashingtonda Yerevan va Boku o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.
“Bu tinchlik kelishuvi va o‘t ochishni to‘xtatish. Biz ular bir-biri bilan va AQSh bilan faol hamkorlik qilishiga kelishib oldik”, — dedi Tramp imzolash marosimida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar barcha harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish, savdo va diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘yish tarafdori.
Amerika rahbariga ko‘ra, Armaniston Ozarbayjon bilan 99-yilgacha davom etishi mumkin bo‘lgan tranzit yo‘lagini rivojlantirish uchun Qo‘shma Shtatlar bilan eksklyuziv hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda, keyinchalik kelishuvni uzaytirish imkoniyati bilan.
“Men ularga shaxsiy majburiyat berdim: agar mojaro bo‘lsa, ikkalasi ham biladi – menga qo‘ng‘iroq qilishadi va biz hammasini hal qilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Tramp.
U tinchlik kelishuvining mustahkamligiga ishonchi komil ekanligini ta’kidladi.
Hujjatning asosiy qoidalari:
Tomonlar shartnomani imzolash va yakuniy ratifikatsiya qilish uchun keyingi qadamlar zarurligini qayd etdilar.
Ular Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Yerevan va Boku mamlakatlar suvereniteti, hududiy yaxlitligi va yurisdiksiyasini hurmat qilgan holda ichki, ikki tomonlama va xalqaro tashishlar uchun mamlakatlar o‘rtasida aloqalarni ochish tarafdori bo‘ldi.
Davlatlar chegaralar daxlsizligi va kuch ishlatishga yo‘l qo‘yilmasligi tamoyillariga asoslangan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari uchun sharoit yaratdilar.
Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari YeXHTning Qorabog‘ masalasini hal qilish bo‘yicha Minsk jarayoni va unga aloqador tuzilmalarni tugatishni so‘rab bayonot imzoladilar.
Tomonlar tashkilotga a’zo barcha davlatlarni ushbu qarorni qabul qilishga chaqirdi.
Armaniston respublika hududida “Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li” dasturini amalga oshirish asoslarini aniqlash uchun AQSh va o‘zaro kelishilgan uchinchi tomonlar bilan hamkorlik qiladi.