Samarqandda MDH davlatlarida sun’iy intelektni rivojlantirish bo‘yicha forum bo‘lib o‘tmoqda

Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi raisi: barchamizni barqaror, xavfsiz va inklyuziv taraqqiyotga intilish birlashtiradi.
Sputnik
SAMARQAND, 8 avg - Sputnik. “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida MDH mamlakatlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan forum boshlandi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ishtirokchilar dolzarb masalalarni muhokama qilmoqdalar: sun’iy intellekt inson o‘rnini bosadimi, qancha odam hozirda katta til modellari (LLM)dan foydalanmoqda, O‘zbekiston bu sohada qanday strategik ustuvorliklarga ega?
Forum milliy strategiyalar va sun’iy intellekt ekotizimlari arxitekturasini muhokama qilishdan boshlandi. O‘zbekiston, Rossiya, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar vakillari davlat, ilmiy hamjamiyat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Dastlabki sessiyalardan birida ekspertlar sun’iy intellekt tashabbuslarini amalga oshirish, sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish mexanizmlari, barqaror va ochiq sun’iy intellekt ekotizimlarini shakllantirish yo‘lidagi ehtimoliy qiyinchiliklar va imkoniyatlar haqida fikr almashdilar. Texnologik suverenitet va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga erishishda hududiy ma’muriyatlar, biznes va sun’iy intelekt milliy markazlarining roliga alohida e’tibor qaratildi.
Panel sessiyasi moderatori, Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi raisi Vladimir Norov har bir mamlakat o‘z harakat modelini shakllantirayotganini ta’kidladi.

"MDH hududida sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlar allaqachon shakllangan. Ayrimlar normativ baza va ma’lumotlarni himoya qilishga, boshqalari infratuzilma hamda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga, yana ba’zilar esa startaplar va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratmoqda. Ammo barchamizni barqaror, xavfsiz va inklyuziv rivojlanish istagi birlashtiradi," – deya ta’kidladi u.

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos tadbir tor ekspertlar doirasida o‘tayotganini, bu esa eng muhim masalalarni chuqurroq o‘rganib chiqish imkonini berishini ta’kidladi.
"O‘zbekistonning sun’iy intelekt sohasidagi strategiyasi ham tijorat, ham ijtimoiy yo‘nalishlarni bir maromda rivojlantirishga qaratilgan. Biz texnologiyalar butun jamiyat manfaatlariga xizmat qilishiga intilamiz," - dedi u.
"Yandeks" kompaniyasining sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha direktori Aleksandr Kraynov sun’iy intellekt sohasida sifatli ta’limning ahamiyati haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt mavzusi ommabopligiga qaramay, bugungi kunda dunyodagi insonlarning atigi 7 foizi katta til modellaridan foydalanadi.
"Bu natijaga deyarli noldan bir yil ichida erishildi va bu hayratlanarli fakt," - dedi u.
Sessiyalar birining ishtirokchilari ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan savolni muhokama qilishdi: sun’iy intellekt insonning o‘rnini bosadimi? Barchaning fikrga ko‘ra, sun’iy intellekt inson o‘rnini bosuvchi emas, balki inson imkoniyatlarini to‘ldirish va kengaytirishga qodir bo‘lgan raqamli yordamchi sifatida qaraladi.
1 / 6
2 / 6
3 / 6
4 / 6
5 / 6
6 / 6
Boshqa panel muhokamalarida sun’iy intellektni moliya sektori, bank xizmatlarini transformatsiya qilish, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish va iqtisodiyot barqarorligini mustahkamlashda qo‘llash to‘g‘risida so‘z bordi. Shuningdek, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, inson kapitalini shakllantirish va ijtimoiy masalalarni hal etishda sun’iy intellektning roli muhokama qilindi.
"Sun’iy intellekt nafaqat texnologik, balki ijtimoiy taraqqiyotning ham asosiy vositasiga aylanmoqda. U o‘quv tizimlarini isloh qilish, yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash va eng muhim ijtimoiy vazifalarni hal qilishga yordam beradi: sifatli ta’limdan foydalanish imkoniyatini oshirishdan tortib, raqamli va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishgacha," - dedi O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi Sun’iy intellektni rivojlantirish departamenti boshlig‘i Sarvarbek Sa’dullayev.
Forum doirasida ishtirokchilar mintaqada sun’iy intellekt mahsulotlari bozorini shakllantirish istiqbollarini muhokama qiladilar. Shuningdek, interaktiv guruh ishi shaklida forsayt*-sessiyalari o‘tkaziladi. Bundan tashqari, dasturchilar, muhandislar, ma’lumot tahlilchilari va tadqiqotchilar sun’iy intellekt sohasidagi yechimlarning prototiplari ustida olib borgan ishlari natijalarini taqdim etadilar.
*Forsayt bu biror bir voqea, jarayon, hodisani bir necha yil oldinga nazar tashlagan holda kelajakdagi holatini ko‘zdan kechirish degani.
Matbuot markazi
O‘zbekiston qanday qilib milliy sun’iy intellekt modelini yaratmoqda — video