TOShKENT, 8 avg – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
Yig‘ilishda so‘nggi 7-yilda oliygohlarga qabul 4,5 barobar oshib, qamrov 42 foizga yetgan bo‘lsa-da, kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emasligi qayd etildi.
"Yaqin 3-4 yilda ishga tushadigan 83 milliard dollarlik yirik loyihalar hisobiga sanoatni o‘zida 500 mingga yaqin kadr zarur",— dedi davlat rahbari.
Prezident ishga joylashtirish bo‘yicha hisob-kitoblardagi kamchiliklarni tanqid qildi.
Shavkat Mirziyoyev
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Joriy yilda 231 ming bitiruvchidan 125 ming nafari ishga joylashgan bo‘lsa, ularning 42 ming nafari o‘zini o‘zi band qilgan. Davlat bir talabani o‘qitish uchun yiliga 25-30 mln so‘m sarflaydi, diplomli mutaxassislarning yarmidan ko‘pi kam malaka talab etadigan ishlarda band.
Oliygohlarda "Yangi O‘zbekiston" baholash tizimi joriy etiladi. Oliygohni moliyalashtirish to‘plagan ballariga bog‘liq bo‘ladi.
85 foizdan yuqori ball to‘plagan universitetlarga moliyalashtirish uchun 20 foiz bonus beriladi, 56 foizdan past bo‘lsa, mablag‘lar qisqartiriladi. Mezonlarni ishlab chiqishda ilmiy, ijtimoiy va amaliy oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi farqlar hisobga olinadi.
O‘zini o‘zi band qilish endi ishga joylashtirishni baholashda hisobga olinmaydi.
"Yangi O‘zbekiston" universitetida "rektorlar maktabi" orqali rektor va prorektorlikka nomzodlar tayyorlanadi, ularning eng yaxshilari malaka oshirish uchun Garvard universitetiga yuboriladi.
OTMlar tashkiliy va akademik jihatdan mustaqil bo‘ladi: rektorlarning o‘zi o‘rinbosarlarni tayinlaydi (amaldagi tartibga ko‘ra, vazirlik bilan kelishilishi kerak), shtat va moliyalashtirishni taqsimlaydi, "super" kontrakt miqdorini belgilaydi.
Endilikda abituriyentlar 5 ta oliygohdan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin to‘plagan balli boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, shu oliygoh rektori ularni kontrakt asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Prezident ishsiz qolgan 92 ming nafar bitiruvchini ish bilan ta’minlash rejasini taqdim etdi:
20 ming nafari - magistraturaga va ikkinchi mutaxassislikni egallashga yuboriladi;
20 mingta - 10 mingta korxonaga ish tajribasi talab etilmagan holda qabul qilinadi;
15-20 ming nafari biznes-inkubatorlar va marketing, dizayn va IT sohasidagi startaplar orqali ishga joylashtiriladi;
10 ming nafari - kimyo, energetika, geologiya, avtomobilsozlik, metallurgiya va farmatsevtika sohalarida muhandis va texnik lavozimlarni egallaydi;
5-7 ming nafari to‘qimachilik, charm, elektrotexnika, qurilish va oziq-ovqat sanoatida ish bilan ta’minlanadi;
6 mingtasi - transport, logistika, yo‘l, kommunal va qurilish xo‘jaligiga jalb qilinadi;
10 ming nafari - pedagogika, tibbiyot, ijtimoiy himoya, madaniyat va san’at sohalariga ishga joylashtiriladi;
30 ming nafariga o‘z biznesini ochish uchun yordam ko‘rsatiladi.
Yoshlar bandligini ta’minlash uchun banklarga 300 million dollar ajratilgan. Katta miqdorda kredit olgan va uning qaytarilishidan qo‘rqayotgan bitiruvchilarning xavotiriga javoban imtiyozli kreditlarning bir qismini bitiruvchilarni ishga olgan korxonalarga berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Tadbirkorlar 5 milliard so‘mgacha 18 foiz stavkada kredit olishlari mumkin - kredit miqdori ishga qabul qilingan bitiruvchilar soniga bog‘liq bo‘ladi.
Masalan, 1 milliard so‘mgacha kredit olishda korxona kamida bitta, 5 milliard so‘mgacha kredit olishda kamida beshta bitiruvchini ish bilan ta’minlashi kerak. Agar korxona ishga qabul qilingan bitiruvchini ikki yil ichida ishdan bo‘shatsa, kredit stavkasi avtomatik ravishda tijorat stavkasiga ko‘tariladi. Bu tizim nafaqat joriy yil bitiruvchilariga, balki universitetni oxirgi uch yilda tamomlaganlarga ham taalluqli.
Ushbu chora-tadbirlar davlat va xususiy universitetlar o‘rtasida raqobatni rivojlantirishga, kadrlar tayyorlashni iqtisodiyot ehtiyojlariga yanada aniqroq moslashtirishga qaratilgan.