TOShKENT, 6 avg – Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda Oq uy rahbarining maxsus vakili Stiv Uitkoffni qabul qildi, deb xabar qildi Kreml matbuot xizmati.
Uchrashuv boshida ular bir-birlariga tabassum qilishdi, qo‘l siqishdi. Muzokaralarda Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov va Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi rahbari Kirill Dmitriyev ishtirok etmoqda.
Amerika diplomati bugun ertalab Moskvaga uchib keldi. Bu uning yil boshidan beri Rossiyaga beshinchi tashrifi. Safar boshida Uitkoff Dmitriyev bilan Zaradye bog‘iga tashrif buyurdi. U muzokaralardan umidlari haqidagi savolga javob bermadi.
Davlat departamenti rasmiy vakili Temmi Brus ham safar tafsilotlariga izoh berishdan bosh tortdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, idora tashrifdan keyin Donald Tramp nima qilishini bilmaydi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Oq uy rahbari Ukrainadagi mojaro diplomatik yo‘l bilan hal etilishiga ishonishda davom etmoqda.
Trampning ultimatumi
14 iyul kuni Amerika prezidenti Kiyev bilan tinchlik kelishuvini talab qilib, Rossiyaga 50 kunlik ultimatum qo‘ydi, keyin esa bu muddatni 10-12 kungacha qisqartirishini ma’lum qildi.
Agar kelishuv bajarilmasa, u Rossiyadan import qilinadigan tovarlarga 100 foizlik bojlar, shuningdek, undan neft, gaz va boshqa energiya tashuvchilarini sotib oluvchi davlatlarga ikkilamchi bojlar joriy etish bilan tahdid qilgan.