Ayrim ota-onalarga farzandining bog‘chasi uchun har oy moddiy yordam beriladi

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan fuqarolarga bog‘chada tarbiyalanayotgan farzandi uchun 618 ming so‘m moddiy yordam beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 4 avg – Sputnik. O‘zbekistonda kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning bog‘chaga borayotgan bolalari uchun 3 yoshga to‘lgunga qadar har oy 618 000 so‘mgacha moddiy yordam beriladi. 31-iyul kuni Hukumat tegishli nizomni tasdiqladi.
Unga ko‘ra, moddiy yordam Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ona (ota)ga ijtimoiy shartnoma asosida to‘lanadi.
Bunda ularning maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan 3 yoshgacha bo‘lgan farzand(lar)iga BHMning 1,5 baravarigacha miqdorda to‘lab beriladi.
Moddiy yordam qonuniy vakilning 3 yoshgacha bo‘lgan faqat 1 nafar farzandi (bolalar egizak bo‘lsa, egizaklarning har biriga) uchun beriladi.
Moddiy yordam olish uchun qonuniy vakil “Inson” markazlari, Davlat xizmatlari markazlariga bevosita kelgan holda yoki ijtimoiy xodim yoxud “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi (“YaMIH” AT), shuningdek, YaIDXP (my.gov.uz) orqali ariza bilan murojaat qiladi.
Arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
qonuniy vakilning fuqarolik biometrik pasporti ma’lumotlari;
3 yoshgacha bo‘lgan farzand(lar)ining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi(lari) ma’lumotlari;
mobil telefoni raqami;
AT “Xalq banki” bankida ochilgan bank kartasi ma’lumotlari.
Moddiy yordam hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasigacha qonuniy vakillarning “ijtimoiy karta”lariga, ular mavjud bo‘lmaganda, AT “Xalq banki”da ochilgan bank kartalariga o‘tkazib beriladi.
O‘zbekistonda 1-avgustdan nimalar o‘zgaradi?