Bu qiziq

Bo‘yin osteoxondrozining belgilari qanday?

Kamharakatlik — ko‘plab kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omil. Aynan jismoniy faollik yetishmasligi tufayli yiliga 5 milliondan ortiq odam hayotdan ko‘z yumishi JSST tomonidan alohida o‘rganilgan.
Sputnik
TOShKENT, 3 avg – Sputnik. Kun davomida kabinetda o‘tirib ishlash va jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmaslik oqibatida paydo bo‘ladigan xastaliklardan biri bo‘yin osteoxondrozidir. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati yozmoqda.
“Dunyoda bu darddan aziyat chekuvchilar soni yildan-yilga ortmoqda. Bu holat sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya qilinmayotgani bilan bog‘liq”, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov.
Ta’kidlanishicha, osteoxondroz umurtqalar, ularning tog‘aysimon disklari va boylamlarining degenerativ-distrofik o‘zgarishlari bo‘lib, joylashuviga ko‘ra bo‘yin, ko‘krak va bel-chanoq turlari farqlanadi.
Bo‘yin osteoxondrozi, odatda, 35 yoshdan so‘ng kuzatiladi. Bo‘yin — umurtqa pog‘onasining eng harakatchan qismi. Undan bir qancha asab tomirlari va umurtqa arteriyalari o‘tadi. Ular orqa miya qon tomirlari va uzunchoq miyani qon bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Qayd etilishicha, agar osteoxondroz sababli umurtqa arteriyasi bosilsa, bemorda bel va bosh miya ishemiyasi kuzatilishi ehtimoli bor. Shu sababli ushbu kasallikni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.
Bo‘yin osteoxondrozining qator belgilari mavjud. Bosh sohasida kuchli va davomli og‘riq, bosh aylanishi, ko‘z xiralashishi, qo‘l barmoqlarida sanchiqlar, bir necha soat davom etadigan yurak sohasidagi og‘riqlar, eshitish qobiliyatining pasayishi, holsizlik, hansirash, arterial qon bosimining o‘ynashi kabi simptomlar shular jumlasidan.
Mazkur alomatlar arteriyaning shikastlanganidan dalolat beradi.
Shifokorga ko‘ra, bu xastalikni uy sharoitida davolash salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli undan xalos bo‘lish uchun shifokorga murojaat qilish kerak. Kasallik erta bosqichda aniqlansa, bemor tezroq sog‘ayadi.
Ko‘p hollarda osteoxondroz muolajasi konservativ usullar yordamida amalga oshiriladi. Shifokor tomonidan dori-darmonlar, kerakli mashqlar terapiyasi va boshqa usullarni o‘z ichiga olgan davolash kurslari buyuriladi.
Ma’lum qilinishicha, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida shu turdagi xastaliklarni kam invaziv usulda davolash yo‘lga qo‘yilgan.
Bu qiziq
Yozda nega yuqumli ichak kasalliklari avj oladi?