Sputnik O‘zbekiston multimedia matbuot markazida O‘zbekistonda milliy sun’iy intellekt modelini yaratishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi departamenti boshlig‘i Sarvar Sadullayev va Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi ijro etuvchi direktori vazifasini bajaruvchi Xikmatilla Ubaydullayev ishtirok etdi.
Matbuot anjumani davomida milliy sun’iy intellekt modelini ishlab chiqishdagi asosiy maqsadlar, amalga oshiriladigan bosqichlar, shuningdek, qaysi xalqaro tajriba va ilg‘or texnologiyalardan foydalanish rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot berildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi departamenti boshlig‘i Sarvarbek Sadullayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston inson manfaatiga yo‘naltirilgan modelni tanladi. Bu esa ijtimoiy sohalar va xususiy sektorning rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda 2,5 mingdan ortiq IT-kompaniya eksport bozorida faoliyat yuritmoqda, mamlakatdagi raqamli davlat xizmatlari esa jahondagi eng qulaylaridan biri sifatida e’tirof etilgan.
Sadullayev O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi istiqbolli IT-xabga aylanayotganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya SI texnologiyalarini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdor. Yaqinda Toshkentga tashrif buyurgan rossiyalik IT-delegatsiya O‘zbekistondagi SI-ishlanmalarni yuqori baholagan. Har ikki mamlakat kompaniyalari sun’iy intellekt sohasida qo‘shma ishchi guruh tashkil etishni maqsad qilgan.
Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi ijro etuvchi direktori vazifasini bajaruvchi Hikmatilla Ubaydullayev ta’kidlashicha, mamlakatda tibbiyot sohasida 20 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Ular qatoriga fotosuratlar orqali onkologiyani aniqlash, yangi dori vositalarini yaratish va SIdan shifokor uchun "ikkinchi fikr" sifatida foydalanish kabilar kiradi.
"Biroq muhim jihat — SI faqatgina tavsiya hisoblanadi. Yakuniy qaror doim malakali shifokorga murojaat qilish zarur", — dedi Ubaydullayev.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyi boshida prezident Shavkat Mirziyoyev tegishli vazirlik va idoralarga milliy sun’iy intellekt modelini ishlab chiqish va raqamli sohada 1 million mutaxassis tayyorlash haqida topshiriq bergandi.
To‘liq videoni ushbu havola orqali tomosha qiling.