Navoiyda havoning yuqori ifloslanishi kuzatildi

"Navoiyazot" AJ va BXO atrofidan tahlil ishlari olib borilganda atmosfera tarkibida ammiak 1,4 baravar hamda vodorod sulfidi 16,8 baravar meyordan yuqoriligi aniqlandi.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyul – Sputnik. Navoiy viloyatida atmosfera havosi ifloslanganligi bilan bog‘liq holat o‘rganildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, o‘rganish davomida 19-iyul kuni ertalab tongi vaqti 7:00 dan 9:00 ga qadar Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasining tahliliy laboratoriyasi hamda "Navoiyazot" AJga qarashli Sanitar laboratoriyasi bilan korxona atrofida tahlil ishlari olib borildi. Atmosfera havosi tarkibi "EKOLAB" (Gazoanalizator) apparati yordamida tekshirildi.
Qayd etilishicha, "Navoiyazot" AJ va BXO atrofidan tahlil ishlari olib borilganda atmosfera tarkibida ammiak 1,4 baravar hamda vodorod sulfidi 16,8 baravar meyordan yuqoriligi aniqlandi.
Bundan tashqari, Navoiy viloyati Gidrometeorologiya boshqarmasi laboratoriyasi tomonidan olingan tahlillar natijasiga ko‘ra, 1-kuzatuv posti (Zulfiya ko‘chasi)da uglerod ikki oksidi 1,04, ammiak 1,1 baravar, 2-kuzatuv posti (Me’morlar ko‘chasi)da esa ammiak 1,2 baravar yuqoriligi ma’lum bo‘ldi.
Hozir "Navoiyazot" korxonasi hududida tekshiruv o‘tkazish va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga aniqlik kiritish chorasi ko‘rilmoqda.
Toshkentda vodorod peroksidi ochiq havoga sizib chiqishi yuzasidan tekshiruv boshlandi