TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Bugun, 19-iyul kuni "Uzbekistan Airways" samolyotida chaqaloq dunyoga keldi. Bu haqda "Uzbekistan Airways" matbuot xizmati xabar berdi.
"Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining HY282 reysida, Istanbul — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvoz vaqtida chinakamiga noyob voqea yuz berdi — osmon uzra chaqaloq tug‘ildi”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, parvoz davomida yo‘lovchilardan birida muddatidan oldingi tug‘ruq boshlangan. Bortda ikki nafar shifokor bo‘lgan, ular ekipaj bilan hamkorlikda zarur tibbiy yordamni ko‘rsatgan.
Ekipaj komandiri qarori bilan samolyot Urganch aeroportiga favqulodda qo‘ngan, u yerda ona va yangi tug‘ilgan o‘g‘il bolani shifokorlar kutib olishgan. Oila tezkor tarzda mahalliy klinikaga yetkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 26-aprel kuni ham "Uzbekistan Airways" bortida chaqaloq dunyoga kelgandi. O‘shanda samolyot O‘zbekistondan Turkiyaga uchayotgan bo‘lgan. Yo‘lovchi o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgandi.