TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining (YeIK) energetika va infratuzilma vaziri Arzibek Kojoshev BMT shtab-kvartirasida “Energetikaga o‘tish sharoitida YeOII energetikasi: muammolar va imtiyozlar” mavzusidagi ma’ruza bilan chiqdi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘z murojaatida YeIK vaziri 2017-yilda dunyo to‘rtinchi energetika o‘tish bosqichiga kirganini, uning doirasida qayta tiklanadigan energiya manbalari, raqamlashtirish, energiya tejovchi texnologiyalar faol rivojlanayotgani, dekarbonizatsiya jarayonlari faollashayotganini ta’kidladi.
Unga ko‘ra, bunday sharoitda ham an’anaviy, ham qayta tiklanadigan energiya manbalarini mutanosib rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Faqat shunday yondashuv milliy va global energiya xavfsizligini ta’minlay oladi, deb hisoblaydi vazir.
Arzibek Kojoshev beshta davlatning yuqori energetika salohiyatiga alohida to‘xtalib, YeOII muhim energetika resurslariga ega ekanligini ta’kidladi: jahon gaz zaxiralarining 20 foizi, ko‘mir zaxiralarining 20 foizi, neft zaxiralarining 7 foizi va elektr energiyasi ishlab chiqarishning 5 foizi.
Integratsiya tashabbuslariga, jumladan, elektr energiyasi, gaz, neft va neft mahsulotlarining umumiy bozorlarini yaratish, transchegaraviy infratuzilmani rivojlantirish va YeOIIga a’zo mamlakatlarning iqlim masalalari bo‘yicha kun tartibini muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan hamkorlik qilish va qo‘shma loyihalarga ochiqlik ustuvor yo‘nalishlar qatorida qayd etildi.