Termizda Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma taktik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi

Rossiya harbiylari "Hamkorlik-2025" o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga yetib keldi.
Sputnik
TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. Rossiya harbiylari "Hamkorlik-2025" qo‘shma taktik o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga yetib keldi, deya xabar berdi Rossiya mudofaa vazirligi.
"Markaziy harbiy okrugning 201-harbiy bazasi harbiy xizmatchilari Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining "Hamkorlik-2025" qo‘shma taktik o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasiga yetib keldi", — deyiladi xabarda.
Aniqlik kiritilishicha, bo‘linmalar harbiy va maxsus texnikalar kolonnalari tarkibida Tojikiston va O‘zbekiston tog‘lari bo‘ylab 300 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, O‘zbekistonning "Termiz" poligoniga yetib kelgan.

"Shaxsiy tarkib BTR-82A bronetexnikalarda, Ural mashinalarida va KAMAZ avtomobili bazasidagi maxsus texnikada baland tog‘ yo‘llaridan ko‘tarilish va tushish joylarini, shuningdek, tog‘ serpantining tor qismlarini bosib o‘tdi”, — deya qayd etilgan xabarda.

"Hamkorlik-2025" Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma taktik o‘quv mashg‘ulotlari 2025-yil 15-21 iyul kunlari "Termiz" poligonida bo‘lib o‘tadi.