TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda kuydirgi bilan kasallanish holatlari aniqlanmagan. Bu haqda Sanepidqo‘mita axborot xizmati Sputnik O‘zbekiston muxbiriga ma’lum qildi.
So‘ngi vaqtlarda qo‘shni respublikalar, hususan Tojikiston va Qozog‘istonda hayvonlar o‘rtasida kuydirgi bilan kasallanish holatlari ko‘payganligi xaqida xabarlar tarqaldi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lum qilishicha, kuydirgi bilan kasallanish holatlari O‘zbekistonda aniqlanmagan.
“Respublikamizda kasallikni oldini olish uchun gumon etilganholatlar yuzaga kelganda tashxislash, davolash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari kasllik o‘choqlarida tuproqdan namunalar olib, laboratoriya sharoitida doimiy nazorat olib boriladi. Kasallikni mamlakatimiz hududiga kirib kelishini oldini olish maqsadida esa 55 ta chegara punktlarimizdan o‘tuvchilar chuqur tekshiruvdan o‘tkaziladi”, — deya ma’lum qildi axborot xizmati.
Ma’lumot uchun, kuydirgi (Cibir yarasi) – Bacillus anthracis bakteriyasi sababli yuzaga keladigan xavfli infeksion kasallik bo‘lib, asosan hayvonlardan yuqadi. Kuydirgi kasalligi bilan barcha turdagi qishloq xo‘jalik, yovvoyi va uy hayvonlari hamda odamlar kasallanadi.
Odamlarga kasallik quyidagi yo‘llar orqali yuqadi:
kasallangan hayvonni parvarish qilgan paytda;
veterinariya xizmati xodimlari ko‘rigidan o‘tmagan xayvonlarni so‘yib, terisini shilganda;
go‘shtini nimtalab, yaxshi termik ishlov bermasdan iste’mol qilganda.
“Kuydirgi kasalligidan o‘lgan hayvon terisi va junidan tayyorlangan har xil mo‘yna buyumlar orqali ham kasallik yuqishi mumkin. Hatto 100 darajada qaynatilgan go‘sht ham xavfli bo‘lishi mumkin faqat to‘liq qizdirilgan, ichida pushti joy qolmagan go‘sht xavfsiz hisoblanadi. Kasallik odamdan-odamga yukmaydi”, — deyilgan matbuot xabarida.
Kasallik shakllari:
Kuydirgi kasalligi aksariyat hollarda teri shaklida (98,0 – 99,0 foiz) uchraydi va kasallikning bu turida bemor to‘liq tibbiy davo muolajalaridan so‘ng, hech qanday asoratsiz sog‘ayib ketadi;
Kasallikning septik, ichak, o‘pka shakllari ham mavjud bo‘lib, juda og‘ir kechadi va odatda o‘lim bilan tugaydi;
Kasallikning “teri yarasi” shaklidagi yara boshqa yaralardan tubdan farq qiladi: yaraning og‘riqsiz bo‘lishi (agar ikkilamchi infeksiya qo‘shilmagan bo‘lsa), ko‘mirga o‘xshash qora po‘stloq qoplanishi, yara atrofi qizarib, shish paydo bo‘lishi, yaraga yaqin joylashgan limfa tugunlari yallig‘lanib, kattalashishi.
Kasallikni oldini olish uchun xonadonlarda boqilayotgan chorva mollarini kuydirgi kasalligiga qarshi har yili bir marotaba emlatish va ularni qushxonalarda va so‘yish maydonchalarida, veterinariya xodimi nazorati ostida so‘yish talab etiladi.
Shuningdek, go‘shtni faqat do‘konlardan va bozorlardan xarid qilish tavsiya etiladi.