"Oddiy haydovchilar dardini eshitadigan odam, muloqot platformasi yo‘q" — Mirziyoyev

Toshkentda tirbandliklarni kamaytirish maqsadida “Intellektual transport” axborot tizimi ishga tushadi.
Sputnik
TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. Umuman, oddiy haydovchilar dardini eshitadigan odam, muloqot platformasi yo‘q. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi, deb yozmoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida.
Qayd etilishicha, ayrim vazirlik va idoralar, hokimliklarning ma’muriy binosi joylashgan ko‘chalar yopib qo‘yilgan. Shusiz ham tirband ko‘chalarda ularning xodimlari yo‘lni 2-3 qatorini “parkovka” qilib olganidan aholi norozi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 15 ming nafar haydovchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. Poytaxtda ham, yirik shaharlarda ham qonuniy “parkovkalar” yetishmagani uchun ular mashinasini yo‘l bo‘yiga qo‘yishga majburligini bildirgan.
“Umuman, oddiy haydovchilar dardini eshitadigan odam, muloqot platformasi yo‘q”, — dedi prezident.
Mutasaddilarga barcha tashkilot va mahallalardagi asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlash topshirildi.
Vazirlik va idoralar xodimlari aholiga noqulaylik yaratib, “parkovka” qilib olgan hududlarda foto va video kameralar o‘rnatib, jazo muqarrarligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Davlat xizmatchilari jamoat transportida yurish bo‘yicha namuna bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Endilikda Hukumat qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatdan tashqari rahbarlarning xizmat mashinasiga yo‘llarda ustunlik berilmasligi belgilandi.
Jamoat transportini qulay va xavfsiz qilish bo‘yicha hududlarda yaxshi innovatsion tajribalar boshlangan. Masalan, Toshkentda 200 kilometr yo‘l, 4 ta ko‘prikni ta’mirlash uchun Xitoydan 300 million dollar investitsiya jalb qilinmoqda.
Shuningdek, poytaxtdagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida “Intellektual transport” axborot tizimi ishga tushadi. Ushbu tizimga Toshkent shahridagi 700 dan ziyod chorraha va ulardagi barcha svetofor, foto va videokuzatuv moslamalari ulanadi.
Transport oqimiga qarab svetoforlarni masofadan boshqarish hisobiga tirbandliklar 25-30 foizga kamayishi mumkin.