TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Aytilishicha, suhbat davomida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oliy darajada, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
"Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini oshirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, hududlar darajasidagi samarali aloqalarni, faol madaniy-gumanitar va ta’lim almashinuvini kengaytirish maqsadida o‘zaro muvofiqlashgan ishlar va amaliy idoralararo hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi", — deyiladi xabarda.
Shu ma’noda, joriy yilning kuzida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uning natijadorligini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashishdi, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqishdi.