Rossiya do‘st mamlakatlardagi hamkorlar bilan birgalikda ishlashga tayyor — Mishustin

Mixail Mishustin "Innoprom-2025" strategik sessiyasida nutq so‘zladi.
Sputnik
TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. Rossiya do‘st mamlakatlardagi hamkorlar bilan birgalikda ishlashga tayyor, yuqori texnologiyali sohalarga o‘zaro sarmoya kiritishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin "Innoprom-2025" strategik sessiyasining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Yekaterinburg shahrida 7-10 iyul kunlari "Innoprom" xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin "Innoprom-2025" strategik sessiyasida "Texnologik yetakchilik: sanoat yutug‘i" mavzusida nutq so‘zladi.
"Bugun bu yerda 17 davlat, jumladan, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Xitoy, BAA rasmiy delegatsiyalari ishtirok etmoqda. Shuningdek, Eron, Qatar, Turkiya va yana bir necha o‘nlab mamlakatlardan kelgan biznes vakillari. Biz konstruktiv muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikka intilayotgan barchani ko‘rishdan mamnunmiz", — dedi Mishustin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya do‘stona mamlakatlardagi hamkorlar bilan birgalikda ishlashga tayyor. Rossiya bu yerda o‘zaro sarmoyalarni, birinchi navbatda, yuqori texnologiyali sohalarga investitsiyalarni olqishlaydi.
Uning qayd etishicha, Rossiya iqtisodiyoti yanada texnologik bo‘lishi uchun ilmiy va biznes hamjamiyatlari, hokimiyat, ekspertlar va iqtisodiyotning turli tarmoqlari sa’y-harakatlarini birlashtirish zarur.
"Prezident Vladimir Vladimirovich Putin Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya iqtisodiyoti yanada texnologik bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bu jiddiy chaqiriq bo‘lib, uni hal qilish uchun ta’lim va ilmiy muassasalar, sanoat va boshqa sohalar, ekspertlar hamjamiyati va investorlar... korporatsiyalar va rivojlanish institutlari, vazirliklar va idoralar, mintaqaviy hokimiyatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish kerak bo‘ladi”, — dedi Rossiya bosh vaziri.
Rossiyada qayta ishlash sohasining o‘sishi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning barcha tashabbuskorlariga eng yaxshi javobdir, dedi Mixail Mishustin.

"Avvalgi uch yil yakunlariga ko‘ra, qayta ishlash sohasida ishlab chiqarish hajmi oshdi, eslatib o‘taman, 18 foizga, jumladan, o‘tgan yili 8,5 foizga yaqin o‘sdi. Bu raqamlar tashabbuskor bo‘lgan va Rossiyaga qarshi taqiq va cheklovlar kiritgan barchaga eng yaxshi javobdir. Aksincha, bu mamlakatlarda sanoat ishlab chiqarishining sezilarli darajada qisqarishi kuzatilmoqda”, — dedi Mishustin "Innoprom"ning bosh strategik sessiyasida.

Rossiya biznesi qattiq pul-kredit siyosati fonida ham kapital qo‘yilmalarni ko‘paytirmoqda, dedi bosh vazir.
"Ammo shu bilan birga, biznes qattiq pul-kredit siyosati va korxonalar uchun kredit resurslarining yuqori narxi fonida ham kapital qo‘yilmalarni ko‘paytirmoqda. Birinchi chorakda asosiy kapitalga investitsiyalar qariyb bir yarim trillion rublga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizdan ko‘proq”, — dedi Mishustin "Innoprom-2025" bosh strategik sessiyasida.
Uning aytishicha, aviasozlikda to‘liq suverenitetga erishish so‘zsiz ustuvor vazifa bo‘lib, Rossiya bu maqsad sari rejali ravishda harakat qilmoqda.
"Aviasozlikda biz uchun to‘liq suverenitetga erishish so‘zsiz ustuvor vazifadir. Biz bu maqsad sari rejali ravishda harakat qilmoqdamiz", — dedi Mishustin.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida uchuvchisiz aviatsiya tizimlarini ishlab chiqarish allaqachon rejalashtirilgan hajmdan uch baravar oshdi. Qayd etilishicha, bunga hozirda yangi modellarni, jumladan fuqarolik modellarini yaratishni o‘zlashtirayotgan korxonalarga davlat tomonidan ko‘rsatilgan yordam ham sabab bo‘lgan.