TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) yuqori texnologiyali tibbiy qurilmalarni olib kirish tartibini soddalashtiradi. Bu haqda Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) matbuot xizmati xabar berdi.
YeIK hay’ati YeOIIga yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar, jumladan, zamonaviy magnit-rezonans tomografiya tizimlarini olib kirish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qaror qabul qildi.
“Buning uchun YeOII bojxona hududiga olib kirishda litsenziya, xulosa (ruxsat beruvchi hujjat) yoki yagona reyestr ma’lumotlarini taqdim etish talab etilmaydigan mahsulotlar radiochastota polosalarining ro‘yxati kengaytirildi”, — deyiladi xabarda.
Shunday qilib, endi MRT apparatlari va boshqa murakkab qurilmalarni ortiqcha qog‘ozbozliksiz olib kirish mumkin.
"Tegishli tizimlar vizualizatsiya, o‘rnatish va foydalanishning yuqori sifati nuqtayi nazaridan bir qator afzalliklarga ega. Ularning texnik tavsiflari elektromagnit to‘siqlar yuzaga kelishiga olib kelmaydi”, — deya tushuntirdi YeIK Bojxona tarif va notarif tartibga solish departamenti direktori Vaagn Kazaran.
Qabul qilingan qaror ushbu tovarlarni olib kirishda tashkilotlarning moliyaviy va vaqt xarajatlarini kamaytiradi, deya qo‘shimcha qildi komissiya matbuot xizmati. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 30 kun o‘tgach kuchga kiradi.