TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qilishicha, abituriyentlarga ruxsatnomalarni berish boshlandi.
“2025-2026 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi”ni berish boshlandi”, — deyiladi agentlik xabarida.
Abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun “Abituriyent ruxsatnomasi”ni my.uzbmb.uz saytiga shaxsiy identifikatsiya raqami hamda pasport seriyasi va raqamini kiritgan holda olishlari mumkin.
Abituriyentlar test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari lozim.
Qayd etilishicha, pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.