TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. BRIKS yetakchilari XVII sammit yakunida sun’iy intellektning global boshqaruvi bo‘yicha deklaratsiyani qabul qilishdi, deya xabar berdi RIA Novosti.
BRIKSga a’zo davlatlar rahbarlari sun’iy intellektni global boshqaruvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qilishdi, unda ular inklyuzivlik, barqarorlik va inson huquqlarini hurmat qilishga qaratilgan sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va qo‘llash bo‘yicha xalqaro tamoyillarni ishlab chiqishga ko‘maklashish niyatlarini bildirishdi.
"Global sun’iy intellektni boshqarish potensial xavflarni kamaytirishi va barcha mamlakatlarning ehtiyojlarini qondirishi kerak, ayniqsa Global Janubdagilarni", — deyiladi Braziliya hukumati tomonidan e’lon qilingan hujjatda.
Deklaratsiyaga ko‘ra, boshqaruv mexanizmlari milliy meyoriy tuzilmalar va BMT Nizomiga muvofiq bo‘lishi, suverenitetni hurmat qilishi hamda vakillik, rivojlanishga yo‘naltirilgan, qulay, inklyuziv, dinamik, shaffof va xavfsiz bo‘lishi kerak.
Deklaratsiya mualliflari sun’iy intellekt bo‘yicha sa’y-harakatlarning xalqaro miqyosda parchalanishi va takrorlanishiga qarshi chiqib, bu mavjud assimetriyalarni kuchaytirishi va raqamli masalalarni global boshqarishning qonuniyligiga putur yetkazishi mumkinligini ta’kidlashdi.
Hujjatda sun’iy intellektni global boshqarish elementi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy roli ta’kidlangan.
BRIKS yetakchilari barcha mamlakatlar raqamli iqtisodiyot va rivojlanayotgan texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellektning afzalliklaridan foydalanish hamda texnologik avtonomiya va innovatsiyalar uchun o‘zlarining meyoriy-huquqiy asoslarini ishlab chiqish huquqini yana bir bor tasdiqladi.
Deklaratsiya bozorni adolatli tartibga solish, ma’lumotlarni inklyuziv boshqarish va sun’iy intellekt texnologiyalariga ochiq kirish muhimligi, shuningdek, texnologik to‘siqlarni bartaraf etish va sun’iy intellekt bilimlari va komponentlariga kirishni kengaytirish uchun xalqaro hamkorlik zaruratini ta’kidlaydi.
BRIKS ochiq modellar, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, kichik davlatlar va rivojlanayotgan iqtisodiyotlar bozorlariga kirish uchun to‘siqlar sifatida standartlashtirish jarayonlaridan qochish, sun’iy intellektning ishonchliligi, o‘zaro ishlashi va xavfsizligiga qaratilgan xalqaro standartlarni ishlab chiqish tarafdori bo‘ldi.
BRIKS mamlakatlari yetakchilari sun’iy intellekt axloqiy, shaffof va ishonchli bo‘lishi, bu sohada inson manfaatlari ustuvor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Deklaratsiyaning yakuniy qismida “kuchli sun’iy intellekt”ga (Artificial General Intelligence, AGI) ehtiyotkorona yondashish zarurligi qayd etilgan, u potensial ravishda kiruvchi ma’lumotlar asosida mustaqil xulosalar chiqarish, o‘rganish va kelajakda o‘z-o‘zini anglab yetish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
BRIKS mamlakatlari umumiy pozitsiyani ishlab chiqish va BMT shafeligida sun’iy intellektni boshqarish bo‘yicha global muloqotda ishtirok etish sa’y-harakatlarini faollashtirish niyatida.