Vladimir Putin BRIKS sammitida qanday fikrlar bildirdi?

BRIKSning XVII sammiti yakunida yakuniy deklaratsiya qabul qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. BRIKSning XVII sammiti yakunida yakuniy deklaratsiya qabul qilindi, deya xabar berdi Kreml matbuot xizmati.
Vladimir Putin videoanjuman shaklida Rio-de-Janeyroda Braziliya raisligida bo‘lib o‘tgan BRIKS XVII sammitining asosiy yalpi majlisida ishtirok etdi.
Tinchlik va xavfsizlik, global boshqaruv islohotiga bag‘ishlangan yig‘ilishda BRIKSga a’zo mamlakatlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi masalalar muhokama qilindi.
BRIKSning XVII sammiti yakunida yakuniy deklaratsiya qabul qilindi.
Vladimir Putin o‘z so‘zida qayd etishicha, eng muhimi, BRIKS mamlakatlari siyosat va xavfsizlik, iqtisodiyot va moliya, madaniy-gumanitar aloqalarning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishni davom ettirmoqda.

“Bizning birlashmamiz Yevroosiyo, Afrika, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasining yetakchi davlatlarini o‘z ichiga olgan holda jiddiy ravishda kengaydi. Biz birgalikda haqiqatan ham ulkan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnologik va insoniy salohiyatga egamiz. BRIKS mamlakatlari nafaqat Yer yuzi quruqlik maydonining uchdan bir qismi va sayyoramiz aholisining deyarli yarmini, balki jahon iqtisodiyotining 40 foizini ham tashkil etadi, xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha yalpi ichki mahsulot esa allaqachon 77 trillion dollarga yetgan”, — deya qayd etdi Putin.

Aytilishicha, BRIKSning Global Janub va Sharq mamlakatlari orasida hamfikrlari ko‘p.
“Hech shubhasiz, hozirgi murakkab geosiyosiy vaziyatda aynan shunday konstruktiv yondashuvlar va birlashtiruvchi kun tartibi talab etilmoqda. Barchamiz ko‘rib turibmiz, dunyoda keskin o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Oltin milliard deb atalmish davlat manfaatlariga xizmat qilgan bir qutbli xalqaro munosabatlar tizimi o‘tmishda qolmoqda. Uning o‘rnini yanada adolatli, ko‘p qutbli dunyo egallamoqda”, — deya ta’kidladi Rossiya yetakchisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanishni yanada kengaytirish zarur.
“BRIKS maydonchasida mustaqil hisob-kitob va depozit tizimini yaratish valyuta operatsiyalarini yanada tez, samarali va xavfsiz amalga oshirish imkonini beradi. Aytgancha, davlatlarimiz o‘rtasidagi savdoda milliy valyutalarning qo‘llanilishi tobora ortib bormoqda: 2024-yilda Rossiyaning BRIKSning boshqa davlatlari bilan hisob-kitoblarida milliy valyutamiz, rubl va do‘st mamlakatlar valyutalarining ulushi 90 foizni tashkil etdi”, — deya ma’lum qildi Putin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, birlashmaga a’zo mamlakatlar tomonidan muqobil kapital qo‘yilmalar hajmini, shu jumladan, BRIKS mexanizmlari va birinchi navbatda, Yangi taraqqiyot banki orqali karrasiga oshirish vazifasi ham dolzarb bo‘lib turibdi.