Boks: Navbahor Hamidova Jahon kubogida oltin medalga ega chiqdi

Hamidova turkiyalik Busenaz Surmenelini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Sputnik
TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. Navbahor Hamidova Jahon kubogida chempion bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik ayol bokschi bo‘ldi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Qozog‘istonda boks bo‘yicha Jahon kubogining navbatdagi bosqichi o‘z yakuniga yetib bormoqda. Unda Navbahor Hamidova mazkur toifadagi musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritdi va birinchi o‘zbekistonlik bokschi qizga aylandi.
U finalda Olimpiada va uch karra jahon chempioni turkiyalik Busenaz Surmenelini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu g‘alaba bilan Hamidova avvalgi 2 mag‘lubiyat uchun munosib revansh olishga erishdi.
Shu tariqa, terma jamoa mazkur musobaqani 1 ta oltin va 4 ta bronza medallari bilan yakunladi.
G‘oliblar:
Oltin medal: -65 kg: Navbahor Hamidova;
Bronza medal: -54 kg: Feruza Kazakova, -75 kg: Aziza Zokirova, -80 kg: Sohiba Ro‘zmetova, +80 kg: Oltinoy Sotimboyeva.