TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. O‘zbekistonlik yosh dzudochilar Chexiyadagi turnirda yetakchilik qilishmoqda, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Pragada dzudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida "Prague Junior European Cup 2025" musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Dunyoning 4 qit’asi 32 davlatidan jami 428 nafar dzudochi qatnashayotgan turnirning birinchi kungi bahslari O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi uchun omadli keldi.
Kamol Murodov bosh murabbiyligidagi dzudochilar 2 ta oltin, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.
“Ushbu natija bilan hamurtlarimiz birinchi kundan so‘ng umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda ketishmoqda”, — deyiladi xabarda.
G‘oliblar:
Oltin medallar: -66 kg: Dishodbek Hamroyev,+78 kg: Umida Nig‘matova;
Bronza medallar: -60 kg: Samariddin Qo‘chqorov, -63 kg: Sarvinoz Husanova.