TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. O‘sh shahridagi Navoiy bog‘ida buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Tantanali marosimda O‘sh shahar meri Jenishbek Toktorbayev, Xalq deputatlari O‘sh shahar Kengashi raisi Bolotbek Bayetov, shahar Kengashi deputatlari, Qirg‘iziston TIV xodimlari, o‘zbek milliy madaniy markazlari faollari va mahalliy aholi vakillari qatnashdi.
V Oshe uvekovechili pamat velikogo poeta Alishera Navoi
© IA "Dunyo"
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘sh shahar meri Jenishbek Toktorbayev O‘zbekiston va Qirg‘iziston aloqalarining bugungi holati haqida to‘xtalib o‘tdi.
“O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat rahbari sifatida ish boshlaganlaridan buyon ikki mamlakat va xalq o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda hamkorlik o‘rnatilmagan soha yo‘q va ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan ushbu do‘stlik hamda strategik hamkorlik munosabatlari eng yuqori darajaga chiqdi”, – dedi u.
Xalq deputatlari O‘sh shahar Kengashi raisi Bolotbek Bayetov o‘z navbatida, Navoiy merosiga hurmat va ehtirom ko‘rsatish har bir turkiy xalqlarning burchi ekanligini ta’kidladi.
“Navoiyga o‘rnatilgan ushbu yodgorlik mamlakatlarimiz tarixida muhim voqea bo‘lib qoladi hamda o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik, qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, – dedi Kengash raisi.
Anjuman davomida Bobur nomidagi O‘sh shahar akademik musiqali drama teatri ijodiy jamoasi va O‘sh davlat filarmoniyasi xonandalari tomonidan Navoiy hayotiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari hamda buyuk shoir g‘azallariga bastalangan mumtoz qo‘shiqlar ijro etildi.
Alisher Navoiyga O‘sh shahrida yangidan o‘rnatilgan haykalning ochilishi shahar jamoatchiligi tomonidan yuksak baholandi.