Xivada “Qovun sayli” festivali bo‘lib o‘tadi — sana va tadbirlar

Festival “Ichan qal’a” va “Arda Xiva” majmualarida o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Shu yilning 8-10 avgust kunlari Xivada “Qovun sayli” festivali bo‘lib o‘tadi, deya xabar berdi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.
“Mamlakatimiz turizm salohiyatini keng targ‘ib etish, jumladan, Xorazm viloyatiga tashrif buyuruvchi xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini oshirish maqsadida joriy yilning 8-10 avgust kunlari Xiva shahrida — “Ichan qal’a” va “Arda Xiva” majmualarida an’anaviy “Qovun sayli” festivali bo‘lib o‘tadi”, — deyiladi xabarda.
Festival doirasida quyidagilar o‘tkaziladi:
qovunlarning ko‘rgazma-savdosi;
teatrlashtirilgan sahnalar, qo‘g‘irchoq teatri va milliy liboslar namoyishi;
milliy taomlar, Xorazm nonlari va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari;
badiiy jamoalar, folklor guruhlarining jonli ijro chiqishlari, mahorat darslari;
tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasi.
“Qovun sayli” da faol ishtirok etganlar turli nominatsiyalar asosida Xorazm viloyat hokimligi va homiylarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Qayd etilishicha, 8-9 avgust kunlari “Ichan qal’a” va 10-avgust kuni “Arda Xiva” turizm majmualarida mahalliy va xorijiy san’atkorlar ishtirokida gala konsertlar o‘tkaziladi.
“Qovun sayli” festivali qanday o‘tdi — eng yorqin suratlar