TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Samarqandda bo‘lib o‘tadigan "Samarqand palovi" festivalida 7 tonnalik palov tayyorlanadi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Avgust oyining birinchi kunlarida Samarqandda o‘zbek oshxonasining asosiy taomlaridan biri - palovga bag‘ishlangan keng ko‘lamli gastronomik festival bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistonning turli hududlaridan 200 nafardan ortiq oshpazlar, shuningdek, xorijiy mehmonlar ishtirok etadi.
Samarqand viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Suyunovning ma’lum qilishicha, festival 1-avgust kuni Palovga ixtisoslashgan ko‘plab muassasalar bilan mashhur bo‘lgan Sadriddin Ayniy ko‘chasida ochiladi. Bu yerda mahalliy oshpazlar o‘rtasida tanlov o‘tkazilib, ular an’anaviy Samarqand palovini tayyorlash mahoratini namoyish etadi.
Festivalning ikkinchi kunida mamlakatning boshqa hududlari va xorijdan kelgan oshpazlar ham ishtirok etadi. O‘tkaziladigan joy Alisher Navoiy ko‘chasi bo‘ylab joylashgan xiyobon bo‘ladi.
Tashrif buyuruvchilarga palovning 20 tadan ortiq turlari - Farg‘ona va Toshkentning klassik palovidan tortib, afg‘on, eron, arab va boshqa milliy turlari taqdim etiladi.
Shu yerning o‘zida pazandachilik mahorat darslari, hunarmandchilik va sharq shirinliklari ko‘rgazmalari, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi.
“Festivalning so‘nggi kuni, 3-avgust kuni "Boqiy shahar" tarixiy-etnografik bog‘ida viloyatning eng yaxshi oshpazlari tomonidan 7 tonna Samarqand palovi tayyorlanadi”, — deya ma’lum qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Jo‘rabek Suyunov ta’kidlaganidek, festival nafaqat Samarqand oshxonasini ommalashtirish, balki xalqaro maydonda O‘zbekistonning sayyohlik jozibadorligini oshirishni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.