Ozarbayjon elchisiga Bokuda jurnalistlarni ozod qilish talab etilgan nota topshirildi

Rossiya tashqi ishlar vazirligiga Ozarbayjonning Rossiya Federatsiyasidagi elchisi chaqirildi.
Sputnik
TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Ozarbayjonning Rossiyadagi elchisi Rahmon Mustafoyevga hibsga olingan rossiyalik jurnalistlarni zudlik bilan ozod qilish talabi bilan verbal nota topshirildi. Bu haqda Rossiya diplomatik idorasi xabar berdi.
Bugun Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Ozarbayjonning Rossiya Federatsiyasidagi elchisi chaqirildi.

"Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin bilan uchrashuv chog‘ida elchiga Bokuning so‘nggi nodo‘stona harakatlari, Ozarbayjon tomonining ikki tomonlama munosabatlarni buzish bo‘yicha ongli qadamlari munosabati bilan norozilik bildirildi... Ozarbayjon diplomatik missiyasi rahbariga Bokuda hibsga olingan rossiyalik jurnalistlar Igor Kartavix va Yevgeniy Belousovni zudlik bilan ozod qilish talabi bilan verbal nota topshirildi", — deyiladi Rossiya TIV saytida e’lon qilingan xabarda.

Aytilishicha, yaqinda Yekaterinburgda asli ozarbayjonlik bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining qo‘lga olinishi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tgan yillarda Rossiya Federatsiyasi hududida, shu jumladan, Ozarbayjon fuqarolariga qarshi sodir etilgan og‘ir jinoyatlar bo‘yicha jinoiy ishlarni tergov qilish doirasida Rossiya qonunchiligiga to‘liq muvofiq ravishda tergov harakatlari olib borilgani ta’kidlandi.
Vakolatli organlarga ko‘ra, Bokuning Rossiya huquq-tartibot idoralarini o‘z vakolatlarini haddan tashqari oshirib yuborishda ayblashga urinishlari Rossiya ichki ishlariga aralashish hisoblanadi. Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi ushbu masala bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.
Kiselov Sputnik xodimlarining Bokuda hibsga olinishini adolatsizlik deb atadi
"Rossiya segodnya" media guruhi matbuot xizmati Ozarbayjon rasmiylariga murojaat qildi