Kredit tashkilotlarining nafaqa pullarini yechib olish amaliyoti "insofsiz" deb baholandi

Markaziy bank kredit tashkilotlarini insofsiz amaliyotlarni to‘xtatishga chaqirdi.
Sputnik
TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki fuqarolarning ijtimoiy nafaqalarini plastik kartalardan yechib olayotgan kredit tashkilotlari ishini “insofsiz amaliyot” deb baholadi.
Qayd etilishicha, Markaziy bankka kelib tushayotgan murojaatlarga ko‘ra, fuqarolarning karatalariga tushgan nafaqa va moddiy yordam mablag‘lari kredit bo‘yicha qarzdorliklarni so‘ndirish uchun avtomatik tarzda yechib olinishi kuzatilmoqda.
Markaziy bank kuzatilayotgan bunday insofsiz amaliyotlar bo‘yicha kredit tashkilotlariga xat yubordi.
“Markaziy bank fuqarolarga davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalarni kredit bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish maqsadida egalarining roziligisiz ularning bank kartalaridan yechib olinishini adolat tamoyillariga zid ekanligini qayd etadi va uni insofsiz amaliyot sifatida baholaydi”, — deyiladi hujjat matnida.
Shu sababli, Markaziy bank kredit tashkilotlarini iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarda adolatli bo‘lishga va bunday insofsiz amaliyotlarni to‘xtatishga chaqirdi.
Kredit tashkilotlari quyidagi choralarni ko‘rishi lozim:
ichki tartiblar va avtomatik undiruv tizmlarini qayta ko‘rib chiqish orqali ijtimoiy to‘lovlarni akseptsiz ravishda qarz to‘lovlariga yo‘naltirish imkonini cheklash;
bunday holatlar bo‘yicha fuqarolardan shikoyat kelib tushgan taqdirda, undirishni to‘xtatish va yechib olingan mablag‘larni fuqaroga qaytarib berish.
Aholining zaif qatlamiga to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalar – kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqalar, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalar va shu kabi boshqa moddiy yordam pullari – davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy himoya mablag‘lari hisoblanadi.