TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) hay’ati "Qurilish sohasida talab eng yuqori bo‘lgan kasblarga qo‘yiladigan malaka talablari to‘g‘risida"gi tavsiyani qabul qildi, deya xabar berdi komissiya matbuot xizmati.
Hujjat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlarida kasbiy standartlarni birxillashtirish va qurilish ishlari sifatini oshirishga qaratilgan.
Tavsiyanoma “Strategiya-2025”ni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini bajarish maqsadida ishlab chiqilgan. U qurilish sohasining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda turli malaka darajasidagi ishchilar uchun bilim va ko‘nikmalarning minimal ro‘yxatini belgilaydi.
"Tavsiyaning qabul qilinishi YeOII doirasida yagona mehnat bozorini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Yagona standartlar Ittifoqning barcha mamlakatlarida quruvchilarni tayyorlashning teng darajasini ta’minlashga yordam beradi, natijada infratuzilma loyihalari sifati va obyektlar xavfsizligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi YeIK iqtisodiyot va moliyaviy siyosat vaziri Baxit Sultanov.
Malaka standartlari milliy talablarni ishlab chiqish uchun namuna bo‘ladi va mamlakatlarda kasbiy ta’lim dasturlarini tayyorlashda qo‘llanilishi mumkin.
Avvalroq YeIK Hay’ati ta’lim, sog‘liqni saqlash, avtomobil transporti va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarida talab yuqori bo‘lgan kasblarga qo‘yiladigan malaka talablari bo‘yicha tavsiyalar qabul qilgan edi.