TOShKENT, 9-iyun – Sputnik. Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.
Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Slovakiya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Birgalikda suratga tushilgach, oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.
Yetakchilarning uchrashuvi yakunida O‘zbekiston bilan Slovakiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Robert Fitso IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.