TOShKENT, 9-iyun – Sputnik. Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun zamonaviy avtobuslar xarid qilinadi va raqamli boshqaruv tizimlari joriy etiladi.
Xitoyning “Datatek technology co.,ltd Datatek Group” kompaniyasi bilan bu borada qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov Xitoy kompaniyasi raisi Ray Hung bilan uchrashuvda respublikada jamoat transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik toza transport vositalarini joriy etish, zamonaviy to‘lov tizimlarini tatbiq etish va xalqaro tajribalarni mahalliy sharoitga moslashtirish borasida o‘zaro fikr almashdi.
Kompaniya o‘zining zamonaviy texnologiyalar va moliyaviy resurslar asosida yirik loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlik doirasida birinchi bosqichda zamonaviy avtobuslar xaridi va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish rejalashtirildi.