Tramp 12 davlat fuqarolarining AQShga kirishini taqiqladi

Shuningdek, Tramp yetti davlat, jumladan Kuba, Turkmaniston va Venesuela fuqarolarining AQShga kirishini qisman chekladi.
Sputnik
TOShKENT, 5-iyun — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp 12 davlat, jumladan Afg‘oniston, Chad, Kongo, Ekvatorial Gvineya, Gaiti va Erondan AQShga kirishni butunlay taqiqladi. Tramp imzolagan farmonning e’lon qilingan matnida shunday deyiladi.
“AQShning tashqi siyosati, milliy xavfsizligi va terrorizmga qarshi kurash maqsadlarini hisobga olib, men quyidagi 12 davlat fuqarolarining mamlakatga kirishini to‘liq taqiqlash va cheklash to‘g‘risida qaror qabul qildim: Afg‘oniston, Birma (Myanma – tahr.), Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Sudan, Somali va Yaman”, - deyiladi hujjatda.
Bu cheklovlar chet elliklarning immigratsion va noimmigratsion vizalar bo‘yicha AQShga kirishiga taalluqlidir, deyiladi farmonda.
Shuningdek, Tramp yetti davlat, jumladan Kuba, Turkmaniston va Venesuela fuqarolarining AQShga kirishini qisman chekladi.
“Men quyidagi yetti davlat fuqarolarining kirishini qisman taqiqlash va cheklashga qaror qildim: Burundi, Kuba, Laos, Syerra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela”, - deyiladi hujjatda.
Qayd etilishicha, bu cheklovlar ham immigratsion va noimmigratsion vizalarga qo‘llaniladi.
Trampning qaytishi AQSh tashqi siyosatini o‘zgartiradi — Rabkov