TOShKENT, 3-iyun — Sputnik. O‘zbekistondagi valyuta ayirboshlash shoxobchalarida Xitoy yuanini sotib olish va sotish amaliyotlari boshlandi, deya xabar berdi O‘zmilliybank matbuot xizmati.
Avval xabar berilganidek, 1-iyundan boshlab O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi. Unga muvofiq, ikki mamlakat fuqarolari 30 kungacha vizasiz sayohat qilish huquqiga ega bo‘lishadi.
“Aholi va xorijiy mehmonlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida, 2-iyundan boshlab NBUining Toshkent shahrida joylashgan barcha valyuta ayirboshlash shoxobchalarida, Xitoy yuanini (CNY) sotib olish va sotish amaliyotlari yo‘lga qo‘yiladi”, — deyiladi matbuot xabarida.
Shu bilan birga, Toshkent xalqaro aeroportida joylashgan ayirboshlash shoxobchalari kecha-yu kunduz ishlaydi.