TOShKENT, 29-may — Sputnik. Rossiyaning “Yangi Quddus” muzeyida “Olamlar orasidagi nur” nomli noyob xalqaro ko‘rgazmaning ochilishi bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Bu keng ko‘lamli loyiha ilk bor mazkur muzey kolleksiyasi hamda Nukusdagi Igor Saviskiy nomidagi muzey to‘plamidagi durdonalarni bir joyda birlashtirdi.
“Ko‘rgazmada rus avangardi ustalari — Nikritin, Shevchenko, Chekrigin, Romanovich, Sokolov, Falk va boshqalarning asarlari namoyish etilmoqda. Ushbu rassomlar uslub jihatdan turlicha bo‘lsa-da, barchasini “yangi inson” obrazini izlashga bo‘lgan intilish birlashtiradi. Bunday tashabbuslar san’at, ta’lim, kreativ iqtisodiyot sohalarida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga va umumiy madaniy merosimizni asrashga xizmat qiladi”, — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, ekspozitsiyaga “Yangi Quddus" muzeyi va Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at muzeyi kolleksiyalariga mansub 40 nafar rassomning 160 tadan ortiq rangtasvir va grafik asarlari kiradi.
Tashkilotchilarning fikricha, “Olamlar orasidagi nur” ko‘rgazmasi XX asrning 20-30 yillaridagi badiiy jarayonga uning butun murakkabliklari va xilma-xilligi bilan yangicha nazar tashlash imkonini beradi.