TOShKENT, 7-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinga ta’ziya yo‘lladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida.
“Xitoyning Guychjou provinsiyasida yuz bergan fojia oqibatida ko‘plab insonlar hayotdan ko‘z yumgani va jarohat olgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga ta’ziya yo‘lladi”, — deb yozadi Asadov.
Aytilishicha, prezident halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jabrlanganlar tez orada sog‘ayib ketishini tiladi.
Ma’lumot uchun, Xitoyning janubi-g‘arbidagi Guychjou provinsiyasida sayyohlik qayig‘i ag‘darilishi oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi. Hodisaga shamol sabab bo‘lgan. Qayig‘dagi 84 kishi suvga tushib ketgan, 70 kishi shifoxonaga yotqizilgan.