TOShKENT, 7-may — Sputnik. Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari va O‘zbekistonga sariyog‘ eksportini oshirdi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qirg‘iziston yanvar-fevral oylarida 3,67 million dollarlik 581 tonna sariyog‘ eksport qilgan.
Mahsulotning asosiy qismi YeOII mamlakatlariga yetkazib berildi:
500 tonnasi Rossiyaga (3,2 million dollar);
71,8 tonnasi Qozog‘istonga (432 ming dollar).
“Bundan tashqari, Qirg‘iziston sariyog‘i O‘zbekiston (22,4 ming dollarga 9,4 tonna) va AQShga (2,1 ming dollarga 200 kilogramm) ham eksport qilingan”, — deyilgan xabarda.
Aytilishicha, 2024-yilning shu davriga nisbatan sariyog‘ eksporti hajmi 16,3 barobar oshdi.
Ma’lumot uchun, Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar oyida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 125,2 tonna sariyog‘ ishlab chiqarilgan.