TOShKENT, 26 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bugun, 26-aprel kuni telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqotda O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. O‘tgan yil avgust oyida Ozarbayjon prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Iqtisodiy kooperatsiya yili doirasida samarali ishlar olib borilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 20 foizga oshdi. Avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar faol bosqichga kirgan.
Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi sammitlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, jumladan, Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, hududlar va rektorlar forumlari, madaniy tadbirlarni o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak ko‘p tomonlama, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.