TOShKENT, 24 apr — Sputnik. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvidagi raisligi doirasida Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati.
Tadbir ochilishida ishtirokchilarga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaati o‘qib eshittirildi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari muloqoti mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar va ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
“Uchrashuv davomida asosiy e’tibor mintaqa mamlakatlari xavfsizligiga zamonaviy tahdidlar va xatarlarga baho berishning yagona yondashuvlarini ishlab chiqish, shuningdek, ularni bartaraf etishda maxsus xizmatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish masalalariga qaratildi”, — deyiladi xabarda.
Tomonlar quyidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishdi:
mintaqaviy xavfsizlik;
terrorizm;
ekstremizm;
noqonuniy narkotik va qurol-yaroq aylanmasiga qarshi kurashish;
transmilliy jinoyatchilik;
axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash.
Aytilishicha, mazkur tadbir Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lib, mintaqada tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida maxsus xizmatlar rahbarlarining muntazam uchrashuvlariga asos soldi.