TOShKENT, 24 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Turmaniston tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazadi. Bu haqda Samarqandda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Yetakchilar tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazishdi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
“O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. Poytaxtlarda savdo uylari ochilib, yuk tashish hajmi oshmoqda. Yaqin yillarda tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, birgalikda "Shovot-Toshovuz" chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda.
“Joriy yilda Xiva shahrida uchinchi Hududlar forumini hamda O‘zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi”, — deya qayd etilgan xabarda.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari "Markaziy Osiyo plyus" formatidagi bo‘lajak sammitlar va Toshkentda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashishdi.
“Davlatimiz rahbari Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasida joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida o‘tkaziladigan forum va boshqa xalqaro tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi”, — deya ta’kidlangan matbuot xizmati xabarida.
Uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisiga uning qalamiga mansub "Tafakkur gavhari" kitobining o‘zbek tilidagi nusxasini topshirdi.
Natsionalniy lider turkmenskogo naroda nagrajden ordenom "Oliy Darajali Do‘stlik"
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Ikki tomonlama muzokaralar yakunida Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti - "Oliy Darajali Do‘stlik" ordenitopshirildi.