TOShKENT, 23 apr — Sputnik. AQSh va Ukraina tomonlari Ukraina masalasida o‘z pozitsiyalarini bir-biriga yaqinlashtira olmadi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
Avvalroq "Frans Press" o‘z manbasiga tayanib, Ukraina delegatsiyasi Londonda AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellogg bilan uchrashuv o‘tkazishi haqida xabar bergan edi.
“Londonda haqiqatan ham AQSh vositachilik sa’y-harakatlarini davom ettirishi uchun AQSh, Ukraina elchilarining uchrashuvi haqida gap bordi. Tushunishimizcha, hozircha ayrim masalalar bo‘yicha pozitsiyalarni yaqinlashtirishning imkoni bo‘lmadi, shuning uchun ham bu uchrashuv hali bo‘lib o‘tgani yo‘q”, — dedi Kreml vakili.
Uning qayd etishicha, AQSh Ukrainadagi mojaroni hal qilish uchun vositachilik harakatlarini davom ettirmoqda va Moskva buni olqishlaydi.
Peskov, shuningdek, jurnalistlarning Rossiya Federatsiyasining Ukraina hududida yevropalik “tinchlikparvarlar” mavjudligi haqidagi pozitsiyasi haqidagi savollariga javob berdi.
Rossiya Ukrainadagi Yevropa “tinchlikparvarlari”ga qarshi turishda davom etmoqda, dedi Peskov.
"Ha, Rossiya hali ham bunga qarshi, lekin aslida bu Ukraina hududidagi NATO kuchlari va vositalari bo‘ladi, ya’ni bu, aslida, maxsus harbiy operatsiya boshlanishining dastlabki sabablaridan biri edi", — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Moskvaning yevropaliklar va ukrainaliklar bilan aloqasi yo‘q, biroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi mojaroni hal qilish manfaati yo‘lida bunday aloqalarga ochiq.