TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) va Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlarda neft va gaz uskunalari ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida” qo‘shma davra suhbati o‘tkazdi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Davra suhbati Yevroosiyo neft va gaz forumi doirasida o‘tkazildi.
Unda sohadagi dolzarb masalalar, jumladan, YeOII korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikdagi to‘siqlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
YeIK sanoat siyosati departamenti direktori o‘rinbosari Vitaliy Vovk neft-gaz mashinasozligi Ittifoq mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ustuvor tarmoqlaridan biri ekanligini ta’kidladi.
Komissiya vakili sanoat kooperatsiyasi loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha yangi vosita muvaffaqiyatli ishga tushirilganini hisobga olib, kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni faollashtirishni taklif qildi.
“Komissiya YeIK Kengashi tavsiyasi loyihasini ishlab chiqdi, bu Ittifoq mamlakatlariga neft va gaz uskunalarini ishlab chiqarish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda sanoat kooperatsiyasini moliyalashtirishning yangi mexanizmidan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga yordam beradi”, — deya xulosa qildi Vitaliy Vovk.