TOShKENT, 11 apr — Sputnik, Bahrom Hatamov. Buxoroning mashhur Registon maydoni yaqinida, ilgari qadimiy qabriston o‘rnida hozir Somoniylar bog‘i barpo etilgan. Ushbu bog‘da quyosh nurlaridan charog‘on bo‘lib turgan buyuk tarixiy yodgorlik — Somoniylar maqbarasi joylashgan.
Bu buyuk tarixiy yodgorlik xalqning ma’naviy merosi sifatida ajralib turadi. Maqbara Somoniylar sulolasining asoschisi Ismoil Somoniy tomonidan o‘zining otasi Ahmad ibn Asad uchun qurdirilgan. Keyinchalik bu joy Somoniylar sulolasining asosiy dafn mahalliga aylanib, Ismoil Somoni va uning nabiralari ham shu yerda dafn etilgan.
Somoniylar sulolasi davrida Buxoro musulmon olamining yirik ilmiy va madaniy markaziga aylangan. Bu zamon “Sharq Renessansi” deb ataladi. Shu davrda Abu Ali ibn Sino, Ro‘dakiy, Beruniy, Firdavsiy, Forobiy, Al-Xorazmiy, Tabari kabi allomalar yashab ijod qilgan.